group-telegram.com/Mintrans_uz/20848
Last Update:
RASMIY IZOH
🚖 Taksi haydovchisi litsenziya talabnomasida o‘zi ko‘rsatgan hududda hech qanday cheklovsiz faoliyat yurita oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–78-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yil 2-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 200-son qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq:
birinchidan, yo‘nalishsiz taksi faoliyatini litsenziyalash transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’iy nazar, taksi haydovchisi tanloviga ko‘ra litsenziya talabnomasida ko‘rsatgan o‘zini-o‘zi band qilish hududi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ya’ni, taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganidan qat’iy nazar o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi.
Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi dastlab o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va bunda taksi faoliyatini amalga oshirish hududini o‘zi tanlaydi. Shundan so‘ng, litsenziya olish uchun kompozit ariza topshiradi;
ikkinchidan, yo‘nalishsiz taksi litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan (o‘zi tanlagan) hududda va yondosh hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat ko‘rsatishi lozim.
Ya’ni, cheklov litsenziyada ko‘rsatiladigan hudud uchun o‘rnatilgan. Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi o‘zi tanlagan Toshkent shahrida faoliyat yuritishi uchun litsenziya olganidan so‘ng faoliyatini Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyatida olib borishiga ruxsat etiladi;
uchinchidan, avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi litsenziya talab va sharti hisoblanmaydi.
‼️ Ya’ni, avtomobilning boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
⚠️Ushbu qaror kuchga kirgandan so‘ng, bugungi kunga qadar Respublika bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan 5 196 nafar shaxslarga avtotransport vositasi qayd etilgan hududdan boshqa hududlarda faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya varaqasi berilgan.
BY Ўзбекистон Республикаси Транспорт вазирлиги

Share with your friend now:
group-telegram.com/Mintrans_uz/20848