group-telegram.com/birgap/2108
Last Update:
Bildirish!
Kamina shu o‘quv yilidan amaliyotga joriy etilgan 2-sinf ona tili darsligining muallifiman. Biroq men uni hozirgi sharoitda amaliyotga joriy etilganini jiddiy xato deb bilaman.
Sababi, bu darslik 2019–2020-yillarda yozilgan bo‘lib, unda “fin tajribasi” yoki tilni o‘qitishga doir biror zamonaviy metod konseptual ravishda aks etmagan. Imkon qadar yangilik qilishga harakat qilganmiz, biroq zamonaviy metodni to‘la joriy etishga to‘sqinlik qiluvchi obyektiv sabablar bor edi. Yaʼni darslikni yozishda buyurtmachining talabiga ko‘ra o‘sha vaqtdagi taʼlim standartlari va o‘quv dasturi asos qilib olingan (tabiiy, boshqa asos ham yo‘q edida). Menimcha, buni ortiqcha sharhlashga zarurat yo‘q. Zero grammatikani tizimli o‘qitishga asoslangan eski dastur asosida butunlay yangi yondashuv va metodni qo‘llab darslik yozib bo‘lmasligini sohadagi talabalar ham yaxshi biladi. Men darslikni qiziqarli hamda metodik jihatdan foydali qilishga maksimal harakat qilmay, u mohiyatan 30 yil davomida amalda bo‘lib kelgan eski darslikning egizi bo‘la olardi, xolos.
Keyinchalik, men faoliyatimni Respublika taʼlim markazida davom ettirdim. UNICEF tomonidan biriktirilgan xorijiy ekspertlar rahbariyatga amaldagi o‘quv dasturlari eskirganini, taʼlimga zamonaviy yondashuvlarni olib kirish uchun avvalo ishni taʼlim standarti va o‘quv dasturlarini shu yangi metodlarga mos ravishda qayta ishlab chiqish kerakligini tushuntirishgan. Shunday qilib, biz ishni Milliy o‘quv dasturini yaratishdan boshladik. 6 oy davomida xorijiy mutaxassislar qo‘lida tilni o‘qitishdagi zamonaviy metodlar yuzasidan tahsil oldik. Keyin (2021-2022-yillar) shu dastur asosida kommunikativ yondashuvga (“fin tajribasi”, 4K va boshqa shunga o‘xshash zamonaviy metodlarning umumiy nomi) tayanib “Ona tili va o‘qish savodxonligi” darsliklarini yozdik.
Shu kunlarda amaliyotga joriy etilgan darslikka kelsak, uni taʼlimga joriy etish xato bo‘lishini qariyb bir yil oldin hozirda Taʼlimni rivojlantirish Respublika ilmiy-metodik markazi rahbari o‘rinbosari bo‘lib turgan Yuliya Risyukovaga bildirganman. O‘shanda u vaziyatni to‘g‘ri baholab, mening darsligim amaliyotga joriy etilmasligini, balki yangi Milliy o‘quv dasturi asosidagi darsliklarimizni takomillashtirish rejalashtirilganini aytgan. Ammo bizga nomaʼlum bo‘lgan sabablarga ko‘ra, MO‘D asosidagi zamonaviy darsliklar qolib, balki eski dastur va yondashuv asosida yaratilgan darsliklar amaliyotga joriy etilmoqda!
Bu bayonotni “Saʼdullo nega eski yondashuvni tanqid qila-qila, endi o‘zi grammatikani yodlashga asoslangan darslik yozdi” deya taʼna qilayotgan do‘stlar uchun yozdim. Bilib qo‘ying, bu eski darslik! U faqat 2020-yil uchungina yangi bo‘lgan, xolos!
Saʼdullo Quronov
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, bolalar yozuvchisi
@bolalar_yozuvchisi
BY Shokir Tursun qarashlari

Share with your friend now:
group-telegram.com/birgap/2108