group-telegram.com/yoshlikjurnali/6123
Last Update:
#olis_yaqin_ovozlar
So‘zmunchoq
Bir hovuch so‘z topib hayot daryosidan,
Shu so‘zlardan munchoq tizgan devonaman.
So‘zmunchoqni taqib qo‘yib ko‘ksingizga,
Ko‘nglingizdan joy so‘ragan parvonaman.
Siz bir tog‘siz, yuragida burgut yashar,
Bu viqorlar oldida men toshchalikman.
Tosh-ku ming yil turib berar yoningizda,
Kiprik qoqmang – ko‘zingizda yoshchalikman.
Ko‘zingizda yoshchalikman, oqib ketdim,
Oqib ketdim, labingizga sizib kirdim.
Zanjirlari bor ekan dil qulfingizning,
“Yo rabbim” deb, eshigini buzib kirdim.
Kirdim oxir, ko‘nglingizning ko‘ngligacha
Vaqt atalmish tikanzorni bosib keldim.
Qadahimga muhabbatdan og‘u solib,
Qalbingizda o‘lish uchun ichib keldim.
Bir hovuch so‘z topib hayot daryosidan,
Shu so‘zlardan munchoq tizgan devonaman…
Sitora Shamsiddin