group-telegram.com/otabekshoir/4019
Last Update:
OTA TILIM, O, ONA TILIM
Qat-qatingda ko‘rinur fe’lim,
Yuragimsan, qalbim va dilim.
Birlashtirding, xalq bo‘ldi elim,
Ota tilim, o, Ona tilim!
Bilga xoqon hayqirig‘i sen,
Qoshg‘ariyning chaqirig‘i sen,
Tengriqutning adl tug‘i sen,
Ona tilim – yagona tilim!
Senda suron solmishdi Temur,
Senda sobit qolmishdi Temur,
Bir so‘z-la yurt olmishdi Temur,
Ona tilim – mardona tilim!
Toyg‘oq, Arab-Ajamdan to Chin
Qanot yoyding misoli lochin.
Xurosonda ochding quloching,
Ona tilim – durdona tilim!
Alisherning ilkida chechak,
Kimga mehnat, kimgadir emgak.
Shayboniydan armonli ertak,
Ona tilim – afsona tilim!
O‘raltovlar qayragan tilim,
Hindi elda yayragan tilim,
Sanduvochlar sayragan tilim,
Ona tilim – mastona tilim!
Sog‘inganlar seni deb ado,
Vidolarda berursan sado.
Yaxshi so‘zsan, men senga gado,
Ona tilim – shohona tilim!
Iqbol MIRZO
Tilda, fikrda, ishda birlik!
Jadid.uz | Telegram | Facebook | Instagram | YouTube
